Yonuvchi suyuqliklar idish (sig‘im)larda saqlanadigan yopiq omborxonalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari

Bu kabi bino va inshootlar yong‘in xavfsizligi nuqtai nazaridan yuqori xavflilik toifasiga mansub obyektlar hisoblanadi.

Odatda ularni qurishda shaharsozlik normalari va qoidalarining yong‘in xavfsizligi talablariga qat'iy amal qilinadi.

Yonuvchi suyuqliklar idish (sig‘im)larda saqlanadigan yopiq omborxonalarni loyihalash va qurish jarayonida eng asosiy yong‘inga qarshi qaratilgan talablardan biri, bu omborxona binosi bilan unga qo‘shni bo‘lgan bino yoki inshootlarning orasidagi masofani saqlashdir. Negaki, bu kabi binolarda yong‘in yuz berganida, yonish jarayoni juda katta haroratning ajralishi bilan kechadi va yong‘indagi issiqlik oqimining yon atrofga ta'siri evaziga yong‘in qo‘shni hududlarda joylashgan imoratlarga ham o‘tish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Yana bir asosiy talablardan biri, bu omborxona binosining qo‘shni binolarga qaragan tashqi devorlarini o‘ta yong‘inga chidamliligini ta'minlanishidir. Odatda bu devorlar jadal sur'atlarda ta'sir etayotgan alangani 2 yarim, ba'zida esa 3 soatgacha o‘zidan tashqariga o‘tkazmslikka qodir.

Shu munosabat bilan, neft mahsulotlari saqlanadigan yopiq omborlarda yong‘inlarning yuz berishi deyarli doimo inson omili bilan bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun, bu kabi obyektlardan foydalanish jarayonida bir qator amal qilinishi zaruriy bo‘lgan talablar belgilangan, masalan.

yonuvchi mahsulotlarni omborlarda saqlashda ularning holatini nazorat qilish uchun erkin kirish imkoni yaratilgan holda amalga oshirilishi kerak;

o‘tish joylari va saqlash joylari polda aniq ko‘rinadigan chegara chiziqlari bilan belgilanishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi o‘tish yo‘llari bo‘sh bo‘lishi kerak. Stellajlar (shtabellar, saqlash joylari) orasidagi kengligi kamida 1 m bo‘lgan yo‘laklar, maydoni 300 m.kv dan ortiq bo‘lgan omborxonalarda esa devor bilan shtabellar (stellaj) o‘rtasida qo‘shimcha ravishda 0,8 m yo‘laklar qoldirilishi lozim;

elektr chiroqlardan yonuvchi suyuqliklar saqlanadigan idishlargacha bo‘lgan masofa 0,5 m dan kam bo‘lmasligi kerak;

omborxonalarda mahsulotlarni joylashtirish rejasi osib qo‘yilishi, ushbu rejada mahsulotlarni saqlash joylari, shuningdek, ularning fizik va kimyoviy xususiyatlari aks ettirilishi lozim;

omborxonalarda me'yoridan ortiq holda yonuvchi suyuqliklarni saqlash taqiqlanadi;

yonuvchi suyuqliklar bilan to‘ldirilgan bochkalarni elektrokaralarda taxlash ko‘zda tutilganda ular polda ko‘pi bilan besh qatorda saqlanishi lozim. Shtabelning e'ni 2 ta bochka kengligidan oshmasligi kerak. Bochkalarni tashish uchun mo‘ljallangan yo‘lakning kengligi esa eng kami 1,8 m ni tashkil etishi kerak;

yonuvchi suyuqliklar faqat soz idishda saqlanishi zarur. Polga to‘kilgan suyuqlik darhol tozalanishi kerak;

binoning ichida yonuvchi suyuqliklarni idishlarda saqlashda modda va materiallarni birgalikda saqlash tartibiga qat'iy amal qilmoq lozim. Chunki ayrim modda va materiallar bir biri bilan aralashib, o‘z-o‘zidan yonib ketishga va portlashga olib kelishi mumkin;

yonuvchi suyuqliklar idishlarda saqlanadigan yopiq omborxonalarning elektr yoritkichlarini yoqgichlari binoning tashqarisida o‘rnatilgan bo‘lishi lozim;

yuk ko‘tarish karlari garajlarda yoki maxsus ajratilgan maydonchalarda saqlanishi lozim;

bu kabi omborxonalarning maydoni har 10 ming m.kv da yong‘inga chidamli to‘siq-devorlar bilan ajratilishi lozim;

yonuvchi suyuqliklar idishlarda saqlanadigan yopiq omborxonalardagi eshiklarning e'ni kamida 2,1 m va balandligi 2,4 m ni tashkil etishi kerak;

omborxona talab etiladigan miqdorda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta'minlanishi lozim;

yong‘in yuz berganda uni o‘chirish uchun talab etiladigan miqdordagi suv zahirasi bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim;

maydonining o‘lchami 750 m.kv dan oshganida yonuvchi suyuqliklar idishlarda saqlanadigan yopiq omborxonalar yong‘inni avtomatik tarzda o‘chiradigan moslamalar bilan jihozlanishi zarur.